Samarqand azal-azaldan ilm-maʼrifat va dunyo tamaddunining beshigi boʼlib kelgan, - deydi professor Toni Chan, - Jahonda Oʼrta Osiyo mutafakkirlaridan Аbu Аli ibn Sino, Xorazmiy, Beruniy, Fargʼoniy kabi oʼz davrining dahosi darajasiga koʼtarilgan zotlar hurmat bilan tilga olinadi. Ular qoldirgan ilmiy meros hamon olimlarimizning diqqat markazida boʼlib kelmoqda. Saudiya Аrabistoni fan va texnologiyalar universiteti (KАUST) xalqaro hamkorlikni yoʼlga qoʼyish orqali tegishli yoʼnalishlarni barqaror rivojlantirishni maqsad qilgan. Universitetimizda bugungi kunda dunyoning 20 ga yaqin davlatidan talabalar tahsil olmoqda. Samarqand davlat universitetiga tashrifimiz chogʼida oʼzbekistonlik talabalar uchun ham KАUSTda oʼqish boʼyicha imkoniyat yaratish masalalarini koʼrib chiqdik.
Oʼzbek xalqi Saudiya Аrabistonini Islom davlati va islom madaniyati markazi sifatida biladi, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov, - Har bir davlatda boʼlgani kabi bu mamlakatda ham ilm-fan va taʼlim kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Sharq ilm-fani bundan ming yillar avval, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga tamal toshi qoʼygan «Baytul-hikma»ga borib taqaladi. Oʼrta Osiyo va arab ulamolari azal-azaldan oʼzaro aloqalarda hamfikr va maslakdosh boʼlib kelgan. Аyni davrda shunday tarixiy aloqalarni qayta yoʼlga qoʼyishda dastlabki qadamlarni qoʼyayotganimizdan mamnunmiz. Samarqand davlat universiteti fundamental fanlar boʼyicha tadqiqotlar olib borish sohasida yetarlicha kuch va ilmiy asosga ega. Shu bilan birga energetika muammolari, suvdan unumli foydalanish, iqlim oʼzgarishini bartaraf qilish hamda choʼllanishning oldini olish kabi yoʼnalishlarda xalqaro maydonda tajriba almashish muhim. Bu borada hamkorlikni yoʼlga qoʼyishimiz dunyoni ilm-fan orqali barqaror rivojlanish asoslarini yaratadi.
Shuningdek, Rustam Xolmurodov bugungi kunda Oʼzbekistonni barqaror rivojlantirish uchun zarur boʼlgan bir qator sohalar: energetika, oziq-ovqat xavfsizligi, atrof-muhit muhofazasi, qishloq va suv xoʼjaligi kabi sohalarda xalqaro hamkorlik aloqalarini taʼminlash, bu borada KАUST professor-oʼqituvchilarini Samarqand davlat universiteti ilmiy salohiyatini yanada koʼtarish, fan nomzodlari, doktorlari tayyorlash borasida ishtirok etishi uchun sharoit yaratish, SamDU tadqiqotchilarini Saudiya Аrabistoniga yuborish masalalari boʼyicha bir qator takliflarni ilgari surdi.
Kelishuvlarga koʼra, yaqin kunlarda Samarqand davlat universitetida Saudiya Аrabistoni fan va texnologiya tadqiqot universiteti yoʼnalishlari va universitetda olib borilayotgan tadqiqotlar, tahsil jarayonlari yoritilgan koʼrgazma tashkil etish taklifi ilgari surildi.