Yangilik 09.11.2022 458

Joriy yilda doktorantura uchun kvotalar soni 2 baravarga oshirilib, 3 600 taga (PhD – 3 314 ta, DSc – 286 ta) yetkazildi

2022 yilda doktorantura uchun kvotalar soni 2 baravarga oshirilib, 3 600 taga (PhD – 3 314 ta, DSc – 286 ta) yetkazildi. Bunda alohida e'tibor sun'iy intellekt, matematika, fizika, kimyo, biologiya va biotexnologiya, energetika va elektrotexnika, geologiya singari ustuvor yo'nalishlarga berildi.

        Ma'lumot uchun: doktorantura uchun kvotalar soni 2019 yilda – 1 093 ta, 2020 yilda – 1 546 ta, 2021 yilda – 1 800 tani tashkil qilgan.

        2019 yilda ustuvor yo'nalishlar bo'yicha 380 ta kvota ajratilgan bo'lsa, 2022 yilda deyarli 4 marta ko'p, ya'ni 1 502 ta qabul kvotalari ajratilgan.

        2019–2021 yillarda jami 5 544 nafar tadqiqotchi falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajasini muvaffaqiyatli himoya qilgan (PhD – 4535 ta, DSc – 1009 ta).

        Ma'lumot uchun: 2019 yilda – 1 460 ta (PhD – 1 139 ta, DSc – 321 ta), 2020 yilda – 1 758 ta (PhD – 1 421 ta, DSc – 337 ta), 2021 yilda – 2 326 ta (PhD – 1 975 ta, DSc – 351 ta).

        Dissertasiyasini muddatidan avval himoya qilgan doktorantlarni rag'batlantirish maqsadida, o'qish muddatining qolgan davri uchun nazarda tutilgan stipendiyalarni ularga to'lab berish choralari belgilangan.

        Ma'lumot uchun: 2020-2022 yillar davomida ilmiy ishlarni muddatidan oldin himoya qilgan izlanuvchilar 298 nafarni (DSc -24, PHD – 274) tashkil qiladi hamda doktorantlarga 9 092,2 mln. so'm rag'batlantirish mablag'i ajratilgan.

        Doktorantlarning ilmiy faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida phd.mininnovation.uz yagona elektron tizimi ishga tushirilishi natijasida 210 ta ilmiy va ta'lim tashkilotlari hamda 10 304 nafar izlanuvchining ilmiy tadqiqot faoliyati nazoratga olindi.

        2022/2023 o'quv yilidan oliy ta'limdan keyingi ta'lim ixtisosliklari uchun o'tkaziladigan tanlovlarda milliy yoki tegishli xalqaro sertifikatga ega izlanuvchilar ishtirok etishi tartibini (PQ-5117-son, 19.05.2021 yil) joriy qilish belgilangan.

        2023 yilda doktorantura uchun kvotalar soni 4 307 ta belgilangan. SHu bilan birga, 2022 yilda magistratura bosqichini bitirganlar 16 473 nafarni tashkil etib, shulardan, 849 nafari (5,2 foiz) chet tillari bo'yicha milliy yoki tegishli xalqaro sertifikatga ega.

        Doktorantlarning ilmiy tadqiqotlarida chet tillarini bilish o'ta muhimligidan kelib chiqib, doktoranturaga qabul jarayonlarida chet-tilini bilish darajasi sertifikati bosqichma-bosqich joriy qilinishi yo'lga qo'yilmoqda.

        Xorijiy tilni bilish darajasidan qat'iy nazar, milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega talabgorlarni doktoranturaga kirish tanlovida ishtirok etishi uchun ro'yxatdan o'tkaziladi. Bunda, o'qishga qabul qilingan izlanuvchilarning yakka tartibdagi rejasiga birinchi o'quv yili (kurs) davomida belgilangan darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olish vazifasi kiritiladi.

        Joriy o'quv yilida doktoranturaga hujjat topshirgan talabgorlardan xorijiy til bo'yicha milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olish uchun imtihonlarni tashkil etish va o'tkazish choralari ko'riladi.

        Tizimda oliy ta'limdan keyingi ta'limni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotlar va ta'lim muassasalariga ega vazirlik, idora va tashkilotlar bilan birgalikda birinchi o'quv yili yakunida izlanuvchilarning xorijiy til bo'yicha milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olganligi bo'yicha o'rganish (monitoring) natijalariga asosan ular keyingi bosqichga o'tkaziladi.