Yangilik 26.08.2025 4

Jami 9 ming 980 o‘rinli 18 ta talabalar turar joyi va uch ming yangi o‘rinli o‘quv binolari foydalanishga topshirildi

Markaziy tadbir Samarqand davlat universitetida tashkil etildi. Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, vazir o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov, viloyat hokimligi vakillari hamda respublikaning turli hududlaridagi studiyalar orqali oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va jamoatchilik ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov davlatimiz rahbarining alohida e’tiborlari bilan mamlakatimizda talaba-yoshlarni qulay yashash va ta’lim olishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, ishtirokchilarni yangi o‘quv yili arafasidagi qo‘shaloq bayram bilan tabrikladi.

Ma’lumot uchun, agar 2017-yilda davlat oliy ta’lim muassasalarida atigi 59 ming 500 o‘rinli 228 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkich sezilarli darajada oshdi. 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, talabalar turar joylari soni 368 taga yetib, 146 ming nafardan ortiq talabani joylashtirish imkoniyati yaratildi. Natijada talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojni qoplash darajasi 28 foizdan 54 foizga ko‘tarildi.

Bu boradagi sa’y-harakatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, 2030-yilga qadar qo‘shimcha 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish vazifalari bilan bevosita bog‘liqdir.

Hozirda respublika bo‘yicha 40 ming 700 o‘rinli 72 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 29 ming 900 o‘rinli 53 ta talabalar turar joylarida qurilish ishlari olib borilmoqda.

Yangi o‘quv yili arafasida, mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan oliy ta’lim muassasalarida jami 9 ming 980 o‘rinli 18 ta talabalar turar joyi, shuningdek Samarqand davlat universitetida 1000 o‘rinli va Namangan davlat universitetida 900 o‘rinli o‘quv binolari foydalanishga topshirildi.