Yangilik 27.08.2025 2

NamDU talabalari uchun 2000 o‘rinli zamonaviy o‘quv maskani foydalanishga topshirildi

27-avgust kuni mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida Namangan davlat universitetining yangi qurilgan 2000 o‘rinli “Innovatsion fakultet” o‘quv binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu zamonaviy bino talabalarga bayramona tuhfa bo‘lishi bilan birga, sifatli ta’lim olishlari uchun qo‘shimcha qulayliklarni yaratdi.

Tantanali tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov, Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, hamkor tashkilotlar vakillari, faxriy professor-o‘qituvchilar va universitet jamoasi ishtirok etdi.

Yangi o‘quv binosida 2000 o‘rinli o‘quv auditoriyalari, ma’ruza zallari, zamonaviy laboratoriyalar, 400 o‘rinli anjumanlar zali hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan xonalar mavjud.

Shuningdek, ushbu maskanda ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, startap markazlari va talabalarning kreativ g‘oyalarini amalga oshirish uchun texnopark faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.