Yangilik 28.08.2025 5

Andijonda kasbiy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida “Avgust kengashi” bo‘lib o‘tdi

28-avgust kuni Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi 1-son politexnikumida kasbiy ta’lim muassasalari rahbarlari va pedagoglar ishtirokida an’anaviy “Avgust kengashi” yig‘ilishi tashkil etildi.

Tadbirda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov qatnashib, soha oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan fikr bildirdi. Unda 2024/2025-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar, o‘quv jarayoniga kiritilgan yangiliklar, dual ta’lim tizimi natijalari hamda yoshlarni bandlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, 2025/2026-o‘quv yilida ta’lim sifatini oshirish, ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olindi.

Kengash doirasida 1-son politexnikumda yangi o‘quv-amaliyot ustaxonasi foydalanishga topshirildi. Qisqa muddatli kasb-hunar kurslari faoliyati bilan tanishildi, texnikum va politexnikumlar uchun joriy etilgan yangi namunaviy formalar taqdim qilindi.

Tadbir yakunida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi. Mazkur anjuman yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rishda muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.