O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi boshchiligidagi delegatsiyaning 2025-yil 2–3-sentabr kunlari Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida Vitebsk shahrida O‘zbekiston-Belarus tadbirkor ayollarining uchinchi biznes-forumi o‘tkazilmoqda.
Forumning birinchi kuni doirasida “Belarus – O‘zbekiston: ta’lim, fan va sog‘liqni saqlash sohasida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari” mavzusida 4-seksiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev ma’ruza bilan ishtirok etdi. O‘z chiqishida u so‘nggi yillarda O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xotin-qizlarning ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida ularning ulushi bugungi kunda 53 foizdan oshganini qayd etdi.
Shuningdek, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, startap loyihalarini moliyalashtirish hamda “Kelajakka qadam” dasturi loyihasi amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot berdi.
Seksiya yakunida O‘zbekiston va Belarus oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi. Jumladan, O‘zbekiston milliy universiteti, Andijon davlat universiteti, Farg‘ona davlat texnika universiteti, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti o‘zaro anglashuv memorandumlari va hamkorlik bitimlarini imzoladilar.
Mazkur hujjatlar ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik almashinuvi, qo‘shma tadbirlarni tashkil etish hamda ilmiy natijalarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.