Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti hamda Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlari markazi hamkorligida 2025-yil 8–13-sentabr kunlari “Oliy taʼlim tashkilotlarida Registrator ofisi faoliyatini tashkil etish” mavzusida malaka oshirish kurslarining birinchi sikli boshlandi.
Mazkur malaka oshirish dasturi doirasida:
- “Registrator ofisi” faoliyatining normativ-huquqiy asoslari, uning maqsadi va tarkibiy tuzilishini tushuntirish;
- oliy ta’lim tashkilotlari amaliyotida uchraydigan muammolarga yechim topish;
- “Front Office” va “Back Office” boʻlimlarining asosiy vazifalari hamda ularning oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish koʻnikmalarini shakllantirish;
- “HEMIS” axborot tizimida oʻquv, ilmiy, xalqaro va moliyaviy jarayonlarni boshqarish va muvofiqlashtirish boʻyicha amaliy malakalarni rivojlantirish;
- statistik maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish va hisobotlarni shakllantirish metodikasini oʻrgatish;
- talabalar harakati (oʻqishga qabul, koʻchirish, tiklash, chetlatish, akademik taʼtil) bilan bogʻliq jarayonlarni toʻgʻri rasmiylashtirish va nazorat qilish;
- talabalar hujjatlarini yuritish, arxivga tayyorlash va saqlash tartib-qoidalarini amalda qoʻllash kabi masalalar oʻz ichiga oladi.
Ushbu kurslarda respublikamizdagi 100 dan ortiq oliy taʼlim tashkilotlarining 300 nafarga yaqin Registrator ofisi xodimlari malaka oshirishi rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbus oliy ta’limda boshqaruv samaradorligini oshirish, jarayonlarning shaffofligini taʼminlash va taʼlim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.