Yangilik 11.09.2025 5

Muhandislik tanlovlari g‘oliblari tantanali taqdirlandi

Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” respublika ko‘rik-tanlovlari g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tanlov 2025-yilning may–iyul oylarida uch bosqichda tashkil etilib, unda 40 yoshgacha bo‘lgan 1262 nafar iqtidorli yosh muhandis o‘z intellektual salohiyati va yangicha qarashlarini namoyon qildi. Ularning loyihalari innovatsionlik, samaradorlik, amaliy qo‘llash imkoniyati hamda barqaror rivojlanish mezonlari asosida baholandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra jami 28 nafar g‘olib aniqlandi. Ular quyidagi mukofotlarga sazovor bo‘ldilar:

✔️9 nafar birinchi o‘rin sohibi zamonaviy BYD Chazor elektromobillari bilan taqdirlandi;
✔️ ikkinchi o‘rin egalari va “Barqaror rivojlanish uchun eng yaxshi ixtiro” nominatsiyasi g‘olibi xorijiy davlatlarda barcha xarajatlari qoplanadigan stajirovka yo‘llanmalarini qo‘lga kiritdilar;
✔️ uchinchi o‘rin sohiblari esa 37,5 million so‘mlik pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

G‘oliblarga mukofotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari Hilola Umarova hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov tantanali ravishda topshirdilar.

Marosimda ta’kidlanganidek, bu tanlov nafaqat yosh muhandislarning innovatsion g‘oya va ishlanmalarini yuzaga chiqarish, balki mamlakatimizda ilm-fan va texnologiyalarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi. G‘oliblarning ishlanmalari tegishli sohalarda amaliyotga joriy etilishi, ularning intellektual salohiyati esa kelgusida mamlakatimizning ilmiy-texnika qudratini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tadbir davomida xalqimiz ardoqlagan san’atkorlarimizning kuy-qo‘shiqlari jarang sochib, yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Eng yaxshi g‘oya (https://api-portal.gov.uz/uploads/7/2025/09/02/1001ddb6-ec4f-bfed-66d4-1c03f8d460f3_media_.pdf);
Eng yaxshi loyiha (https://api-portal.gov.uz/uploads/7/2025/09/02/2bf7342a-8936-1523-d129-0a4aad42ba88_media_.pdf);
Eng yaxshi ixtiro (https://api-portal.gov.uz/uploads/7/2025/09/02/a854adf3-ae58-7851-86e3-3cea491a1dab_media_.pdf);
Innovatsion g‘oya yetakchisi (https://api-portal.gov.uz/uploads/7/2025/09/02/eef71b87-ce96-a87b-6a16-baebecf86373_media_.pdf);
Barqaror rivojlanish uchun eng yaxshi ixtiro (https://api-portal.gov.uz/uploads/7/2025/09/02/9da6de2b-4265-50fb-9fe2-bedbd1389a1a_media_.pdf).