Yangilik 16.09.2025 4

Toshkentda barqaror transport bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 15–16-sentyabr kunlari Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida (TTPU) Erasmus+ CBHE SPHERE loyihasi doirasida “Emerging Trends and Challenges in Sustainable Transportation” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Unda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, O‘zbekiston va Yevropaning yetakchi ekspertlari, oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Plenar ma’ruzalarda mamlakatimizda elektr va gibrid transport vositalari bozorining rivojlanish tendensiyalari muhokama qilindi. Paralel sessiyalarda esa barqaror transport va dekarbonizatsiya strategiyalari, shahar transportini rivojlantirish va elektromobillikka o‘tish jarayoni, transport sohasida ta’lim va ilmiy tadqiqotdagi innovatsiyalar, shuningdek barqaror mobillik bo‘yicha huquqiy va siyosiy asoslar yoritildi.

SPHERE loyihasi doirasidagi maxsus yig‘ilishlarda hamkor universitetlar o‘zaro ilmiy hamkorlik, sifat nazorati, moliyaviy masalalar, yangi ta’lim dasturlari va treninglarni amalga oshirish bo‘yicha rejalarni belgilab oldi.

Konferensiya doirasida Barqaror shahar mobilligi laboratoriyasining rasmiy ochilishi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu markaz transport sohasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.