Tadbirni vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov ochib, ta’lim tizimida fidokorona mehnat qilayotgan barcha ustoz va murabbiylarni samimiy qutladi. O‘z nutqida u pedagoglik kasbi yuksak mas’uliyat, katta sharaf va el-yurt oldidagi muqaddas burch ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, ta’lim va ilm-fan rivojiga o‘zining bilim va tajribasi, fidoyiligi bilan munosib hissa qo‘shayotgan o‘qituvchi va olimlarga minnatdorlik izhor etdi.
Bayram tadbirida o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan professor-o‘qituvchilar, tajribali pedagoglar, ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan olimlar hamda tizimda fidokorona faoliyat yuritayotgan bir guruh vazirlik xodimlari taqdirlandi. Ularning samarali mehnati e’tirof etilib, “Oliy ta’lim a’lochisi” va “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Ko‘krak nishoni sohiblari o‘z so‘zlarida bugungi kunda pedagoglarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va e’tirofni xalqimizning ustoz va murabbiylarga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtiromining yorqin ifodasi sifatida qayd etib, bu ulug‘ qadriyatni amalda his etayotganlaridan chuqur minnatdorlik bildirdilar.
Tadbirning badiiy qismi ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Elimiz suygan san’atkor, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Jenisbek Piyazov mazmunli kuy-qo‘shiqlari bilan ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.