Yangilik 23.09.2025 4

Yurtimizda qiymati 10 million AQSH dollariga teng bo‘lgan ekologik toza qishloq xo‘jaligi texnikasini joriy etish loyihasi amalga oshirilmoqda

Innovatsion rivojlanish agentligi va Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti (KIAT) hamkorligidagi “O‘zbekiston uchun ekologik toza (siqilgan tabiiy gaz – STG asosidagi) qishloq xo‘jaligi texnikasi platformasini yaratish” loyihasi doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislar Koreyadagi o‘quv-treninglarda ishtirok etishmoqda.

Tadqiqot va ishlanmalar (R&D) markazini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi texnikalarini ekologik toza siqilgan tabiiy gaz (metan) yoqilg‘isiga o‘tkazish loyihaning asosiy maqsadlaridan sanaladi. Qolaversa, STG 4 (siqilgan tabiiy gaz) texnologiyasiga asoslangan zamonaviy, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan samarali gaz balonli traktorlarni joriy etish rejalashtirilgan.

STG 4 (siqilgan tabiiy gaz) texnologiyasi gaz balonli uskunalarning zamonaviy avlodi hisoblanib, dvigatellar uchun xavfsiz va iqtisodiy jihatdan samarali yechimdir. U atrof-muhitni ifloslantirmasdan, qishloq xo‘jaligi ishlarini yanada samarali qilishga imkon beradi.

 Joriy yil yakunigacha 38 ta traktor yetkazib beriladi, yana 12 tasi esa kelgusi yil boshida olib kelinadi. Bundan tashqari, kelgusida O‘zbekistondagi barcha traktorlarni shu turdagi ekologik toza uskunalarga o‘tkazish bo‘yicha rejalashtirildi.

O‘quv dasturi doirasida Koreyaning qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri bo‘lgan TYM kompaniyasi faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, Koreya sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) faoliyati va undagi innovatsion yondashuvlar o‘rganildi.

Mazkur loyiha nafaqat qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, balki atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanishga xizmat qilishi kutilmoqda. Mutaxassislar fikricha, loyiha O‘zbekistonni ekologik innovatsiyalar sohasida mintaqaviy yetakchiga aylantirishi mumkin.