Yangilik 09.09.2021 600

Innovatsion faoliyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi

Raqamlashtirish, axborot texnologiyalarini rivojlantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir. Hayotimizning turli jabhalariga -- ishlab chiqarishga, iqtisodning barcha yoʻnalishlariga, ijtimoiy sohaga axborot texnologiyalarni kirib kelishi uchun ularni rivojlantirish, shu sohada tadqiqotlar olib borayotgan olimlarni qoʻllab -quvvatlash, AKT sohasida faoliyat yuritayotgan dasturchilarga gʻoyalarni amalga oshirishlari uchun imkoniyat yaratish va izlanishda boʻlgan yosh tadqiqotchilarni xorijda malaka oshirishlariga koʻmaklashish lozim. 

Innovatsion rivojlanish vazirligi Innovatsion faoliyatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi boʻyicha qator ishlarni amalga oshirmoqda. 

Quyida shular haqida maʼlumot beramiz: 

  • 2020-2021-yillarda AKT yoʻnalishidagi 12,5 mlrd. soʻmlik 20 ta ilmiy, amaliy va fundamental loyiha moliyalashtirilgan;
  • vazirlik huzuridagi Yoshlar akademiyasi tomonidan 2020-yilda umumiy qiymati 6.2 mlrd soʻm boʻlgan yosh olimlarning 6 ta AKT sohasiga oid amaliy innovatsion loyihalari hamda “2020-yilga eng yaxshi 20 ta startap loyihalar” tanlovi natijalariga koʻra eng istiqbolli 5 ta AKT sohasidagi startap loyihalar moliyalashtirilgan;
  • iqtidorli yoshlarni innovatsion bilimlarni oshirish, shuningdek loyihalar ishlab chiqish hamda tijoratlashtirish koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan “Technoways” texnologik rivojlanish marafonida eng istiqbolli deb topilgan 30 ta AKT sohasidagi loyiha 570 mln soʻm miqdorida moliyalashtirildi;
  • umumiy qiymati 3 mlrd. soʻm boʻlgan axborot texnologiyalari fan yoʻnalish boʻyicha yosh olimlarning amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi;
  • Respublikamizning barcha hududlarida mavjud muammolarga nisbatan daxldorligini oshirish, yangi innovatsion yechimlar ishlab chiqishlari maqsadida tashkil etilgan “Urban.Tech Uzbekistan” Xakaton musobaqasida 4 ta jamoa AKT sohasida eng yaxshi natija koʻrsatgani uchun 37,5 mln. soʻmdan mukofot puli bilan taqdirlandi. Shuningdek, joriy yilning 4 choragida hakaton musobaqasining 2 mavsumi tashkil etiladi. Unda umumiy mukofot jamgʻarmasi 150 mln soʻm boʻlgan 4 ta soha boʻyicha AKT sohasiga oid loyihalar amalga oshiriladi;
  • AKT yoʻnalishida xorijiy stajirovkaga 10 nafarga yaqin yosh olim yuborildi hamda hozirda yana 15 nafarga yaqin yosh olim yuborilishi rejalashtirilgan;
  • AKT yoʻnalishida 24 nafar ilmiy darajali kadr tayyorlandi, shuningdek hozirda 230 nafardan ziyod izlanuvchilar ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanmoqda;
  • 2019-2021-yillar davomida AKT yoʻnalishidagi 11,9 mlrd. soʻmlik 16 ta startap loyiha moliyalashtirildi;
  • Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-noyabrdagi 696-son qarori bilan barcha sohalar shu jumladan, AKT yoʻnalishidagi fanlar boʻyicha ham oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga qabul qilishda tegishli fan yoʻnalishlarida milliy sertifikatga ega boʻlgan talabgor mutaxassislik fani boʻyicha imtihondan ozod etilishi va unga mutaxassislik fani uchun belgilangan maksimal ball berilishi belgilandi.

Natijada 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Global innovatsion indeks reytingida oʻz oʻrnini 29 pogʻonaga yaxshilab, 122 oʻrindan 93 oʻringa koʻtarildi. 

Shuningdek, Innovatsion faoliyatni raqamli transformatsiya qilish, innovatsion faoliyatni raqamlashtirish borasida 5 ta axborot tizimi (grant.mininnovation.uz, ias.gov.uz, uzmip.uz, portal.spcenter.uz, phd.mininnovation.uz) joriy etilgan.