Yangilik 07.09.2021 319

Olima ayollar faoliyatiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi

Innovatsion rivojlanish vazirligida 8-sentyabr kuni xotin-qizlarning ilmiy faoliyatiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda respublikada mavjud barcha oliy taʼlim muassasalarning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari, olima ayollar, yosh tadqiqotchi va doktorantlar ishtirok etishdi. Shuningdek, tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Gulnoza Ismoilovaning Yevropa Ittifoqi poytaxti Bryussel bilan alohida aloqada boʻlgan taniqli ayollar taqdirlanadigan European International Womenʼs Leadership Awards mukofotining 2021-yilgi laureati boʻlgani munosabati bilan taqdirlash marosimi ham oʻtkazildi. 

Xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarga asoslangan dasturiy ishlanmalarini, innovatsion gʻoyalarini, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtiruvchi yagona elektron tizimida mavjud 2 483 nafar xotin-qizlar oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanmoqda. 

Ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan ayollarning 3 568 nafari ilmiy darajaga ega boʻlib, ularning 707 nafari fan doktori, 2 412 nafari fan nomzodi va 449 nafari PhD ilmiy darajasiga ega xodimlar hisoblanadi. 

2020-yilda yakunlangan 1 021 ta ilmiy loyihaning 204 tasi (52 ta fundamental, 152 ta amaliy), yaʼni 19,9 foizi olima ayollar rahbarligida bajarilgan. Hozirgi kunda ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq umumiy yillik moliyaviy hajmi 45,4 mlrd soʻmlik 82 ta ilmiy loyihalar olima ayollar tomonidan bajarilmoqda (27,8 mlrd soʻmlik 57 amaliy, 16,9 mlrd soʻmlik 25 ta innovatsion loyihalar). Amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalarda 696 nafar ayollar ishtirok etib, ular tomonidan loyihalar doirasida tijoratlashtirish salohiyati yuqori boʻlgan yangi ishlanmalar yaratilmoqda. 

Respublikamizda xotin-qizlarni ilm-fanga keng jalb qilish, fan-taʼlim va iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlarning yangi gʻoya va ishlanmalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida 2020-yil mart oyida ayollar uchun alohida tanlov – “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi. Hozirgi kunda tanlovga taqdim etilgan 214 ta loyiha belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilmoqda. 

Tadbir yakunida qatnashchilarning bir qancha savollariga vazirlikning masʼul shaxslari tomonidan javoblar berildi. Taʼkidlanishicha, hozirda koʻpchilikni oʻylantirayotgan masala, doktorantura uchun bu yilgi qabul kvotalari ikki baravarga oshirilib, umumiy 3600 nafarga yetkazilgan hamda 15-sentyabrgacha rasmiy buyruqlar OTMlarga yetkaziladi. Shuningdek, endilikda oʻtkazilayotgan tanlovlar doirasida agar viloyatdagi tadqiqotchining ilmiy ishi poytaxtga kelishni talab qilsa, tadqiqotchi va ilmiy rahbarning yoʻl va yashash xarajatlari vazirlik tomonidan qoplab beriladi. 

Vazirlik tomonidan tashkil etilayotgan tanlov mavzularini shakllantirishda yoʻl qoʻyiladigan asosiy kamchiliklar sifatida, muayyan muammoni va uning yechimini “takomillashtirish”, “jadallashtirish”, “oʻrganish”, “tadqiq qilish”, “tahlil qilish”, “chuqurlashtirish”, “tatbiq etish”, “joriy etish”, “optimallashtirish”, “uslublarni ishlab chiqish”, “…xossalari», “…mexanizmlari», “… xususiyat»larini oʻrganishga, “lugʻat yoki oʻquv qoʻllanmalar ishlab chiqish”ga bagʻishlangan mavzular keltirib oʻtildi. Mazkur terminlar qatnashgan sayoz va takrorlangan ilmiy ishlar hayʼat aʼzolari tomonidan tanlovdan chetlashtirilishi aytildi.