Yangilik 24.09.2021 2564

Doktorantura boʻyicha 20 dolzarb savolga javob

 1. Bir tayanch doktorant oʻz yoʻnalishidan boshqa yoʻnalishga “perevod” qilishi mumkinmi?

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qaroriga muvofiq stajyor-tadqiqotchi va izlanuvchilarni bir ilmiy yoki taʼlim tashkilotidan boshqasiga koʻchirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shuningdek, tayanch doktoranturaga kirish imtihonlaridagi savollar bir ixtisoslik boshqa ixtisoslikka toʻgʻri kelmaganligi sababli koʻchirish mumkin emas.

2. Mustaqil tadqiqotchi boʻlgan izlanuvchi tayanch doktoranturaga oʻqishga topshirishi mumkinmi?

Normativ-huquqiy hujjatlarda mustaqil izlanuvchilikka rasmiylashtirilgan shaxs tayanch doktoranturaga hujjat topshirishi mumkinligi va mumkinmasligi toʻgʻrisida normalar berilmagan. Shu munosabat bilan, hujjat topshirishda mustaqil izlanuvchilikka rasmiylashtirilgan ilmiy yoki taʼlim tashkilotlarining ruxsatiga asosan topshirish maqsadga muvofiq.

3. Doktorantura qabulida shaffoflik taʼminlanmagan. Bu yilgi imtihonlar qay shaklda boʻladi?

Bu yilgi imtihonlar onlayn oʻtkazilmaydi, doimgidek anʼanaviy tarzda boʻlib oʻtadi. Joriy yildan qabul komissiyasi doktoranturaga kirish imtihonlari va suhbat jarayonlarini video kuzatuv ostida (onlayn translyatsiya) oʻtkazish choralarini koʻriladi. Tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari boʻyicha topshiriladigan birinchi fan (mutaxassislik yoki chet tili) umumiy balining 50 foizidan kam ball toʻplagan talabgorlar keyingi bosqichga oʻtkazilmaydi. Bu bilan kirish imtihonlari va suhbat jarayonlari shaffofligi taʼminlanishi, shuningdek, salohiyatli talabgorlar saralanishi belgilanmoqda.

4. Stajyor-tadqiqotchilikda oʻqiyman. Ilmiy maqolalarim, ilmiy ishim ancha oldinlagan. Endi shu yil doktoranturaga kirishga menda imtiyoz bormi?

Stajyor-tadqiqotchilik - ishlab chiqarishdan ajralgan holda tegishli ixtisoslik boʻyicha ilmiy va ilmiy-ijodiy izlanishlarni olib borish va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun izlanuvchini tayyorlash shakli hisoblanib, ushbu shaklda oʻqigan shaxsga hech qanday imtiyoz berilmaydi.

5. Mustaqil tadqiqotchi sifatida hujjat topshirmoqchiman. Ilmiy rahbarni nomzodning oʻzi topishi kerakmi? Universitetning oʻzi biriktirmaydimi?

Koʻpincha mustaqil izlanuvchilikka topshirayotgan shaxs oʻz ilmiy rahbari va dissertatsiya mavzusi bilan tayyor holda hujjat topshiradi. Qabul komissiyasi tomonidan suhbat jarayonida dissertatsiya mavzusi yuzasidan savollar boʻlishi mumkin. Talabgorning soʻroviga muvofiq ilmiy rahbar ilmiy yoki taʼlim tashkilotidan ham biriktirilishi mumkin.

6. Ilmiy tadqiqotchilarning muammolarini oʻrganish borasida, ular duch kelayotgan toʻsiqlar borasida nima ishlar qilinmoqda?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 27-avgustdagi 545-son qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmonlari qabul qilinishi munosabati bilan bazaviy lavozim maoshlari oʻzgargan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ilmiy va rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlari miqdorlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qoʻshma qarori ishlab chiqishlari bekor qilinib, bazaviy lavozim maoshlari oʻzgarganda toʻgʻridan-toʻgʻri “Davlat byudjet mablagʻlari hisobiga davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy va rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari” oʻzgarishi belgilandi.

Bu bilan, stajyor-tadqiqotchilar, tayanch doktorantlar va doktorantlarning oʻzgargan miqdordagi stipendiyalari hamda ularning ilmiy rahbar/konsultantlariga mehnatiga haq toʻlash bilan bogʻliq toʻsiqlar olib tashlandi.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim toʻgʻrisida nizomga oʻzgartirish kiritildi. Unga koʻra, fan doktori hamda ilmiy unvoni boʻlgan fan nomzodi yoki falsafa doktorlarining bir vaqtning oʻzida koʻproq izlanuvchilarga ilmiy rahbar va konsultant boʻlish imkoniyatlari belgilandi.

7. Bu yil tayanch doktorantura shartnoma asosida boʻladimi?

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qaroriga muvofiq, tayanch doktorantura va doktoranturaga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishlari mumkinligi belgilangan.

8. Ixtisoslik boʻyicha kvota aniq qaysi sanada taqsimlanadi?

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirining 2021-yil 21-sentyabrdagi 258-son buyrugʻiga muvofiq 2022-yil uchun oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga qabul kvotalari ilmiy va taʼlim tashkilotlarining ixtisosliklari kesimida taqsimlanib, manfaatdor vazirlik va idoralarga yuborildi va yuqorida aytilganidek, vazirlik veb-sahifasida eʼlon qilindi.

9. Doktoranturaga (tayanch, maqsadli, doktorantura) qanday hujjat kerak boʻladi?

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qaroriga muvofiq stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, mustaqil izlanuvchilikka oʻqishga talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar

  • Ariza.
  • Qisqacha biografik maʼlumot (obyektivka).
  • Mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun).
  • Oliy taʼlim muassasasi magistraturasi diplomi yoki klinik ordinaturani tugatganligi (tibbiyot fanlari uchun), oliy maʼlumot (mutaxasislik dasturlari boʻyicha) toʻgʻrisida diplom nusxasi.
  • Nashr etilgan ilmiy ishlar roʻyxati, shuningdek ularning nusxalari (kamida 1 ta maqola va 2 ta tezis).
  • Ish joyidan tavsifnoma (Mustaqil izlanuvchilar uchun)
  • Pasport nusxasi.
  • Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi hujjat nusxasi (mavjud boʻlsa)

Barcha hujjatlar pdf shaklida tayyorlanib? Oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni muvofiqlashtiruvchi Yagona elektron tizimi (http://phd.mininnovation.uz) orqali roʻyxatdan oʻtgan holda yuboriladi.

10. Imtihon shakli va imtihon ketma-ketligi qanday boʻladi ( oldin mutaxassislik boʻyicha yoki chet tilidanmi) va imtihon qaysi tashkilot tomonidan oʻtkaziladi?

Qabul imtihonlarini oʻtkazish va imtihon shakllarini tanlash qabul qiluvchi ilmiy va taʼlim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

11. Bu yil kvota kechikdi. Shu sababdan qabul jarayoni uzaytiriladimi?

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlariga hujjatlari qabuli joriy yilning 20-oktyabriga qadar uzaytiriladi.

12. Toshkent davlat transport universitetiga stajyor tadqiqotchilikka kvota ajratilmagan ekan. Stajyor tadqiqotchilikka qabul boshlanguncha yana kvota chiqib qolishi mumkinmi yo boʻldi boshqa qoʻshilmaydimi?

Mazkur universitetdan stajyor-tadqiqotchilikka qabul kvotalariga talab kelib tushmaganligi sababli kvota ajratilmadi. Stajyor-tadqiqotchilikka boshqa kvota ajratilmaydi.

13. Ilmiy rahbar yoʻq boʻlsa topshirishni iloji yoʻqmi?

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ilmiy daraja olish bilan bogʻliq boʻlganligi bois izlanuvchilar oldindan ilmiy rahbar va dissertatsiya mavzularini aniqlashtirib olishlari maqsadga muvofiq.

14. Tayanch doktorantura uchun hujjatlar qayerga topshiriladi?

Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlarining barcha shakllariga Yagona elektron tizimi ((http://phd.mininnovation.uz) roʻyxatdan oʻtgan holda topshiriladi.

15. Tayanch doktoranturaga ingliz tilidan imtihonni Davlat test markazi oladimi?

Yoʻq. Tayanch doktoranturaga imtihonlar hujjat topshirgan muassasa tomonidan oʻtkaziladi.

16. Magistraturani aʼlo bahoga yakunlaganlar imtihonsiz qabul qilinishi toʻgʻrisida gap boʻlgan edi. Amalda qoʻllaniladimi?

Yoʻq bunday tartib belgilanmagan. Faqatgina Prezident stipendianti sohiblari imtiyozli ravishda tayanch doktoranturaga qabul qilinadi.

Ammo bir necha talabgorlarning stajyor-tadqiqotchilikka, tayanch doktoranturaga va doktoranturaga kirish imtihonlari yoki suhbat natijalari boʻyicha ular tomonidan toʻplangan yakuniy ballari teng boʻlgan taqdirda quyidagi talabgorlarga ustunlik beriladi:

a) stajyor-tadqiqotchilik va tayanch doktoranturaga (PhD):

  • magistraturani aʼlo baholar bilan tamomlaganlar;
  • mualliflik guvohnomalari va patentga ega boʻlganlar;
  • jurnallarda, shu jumladan xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etganlar;

b) doktoranturaga (DSc):

  • 5 yildan ortiq ilmiy-pedagogik stajga ega boʻlganlar;
  • mualliflik guvohnomalari va patentga ega boʻlganlar;

17. Muddatdan oldin himoya qilganda, qolgan stipendiyalar qaysi tashkilot tomonidan beriladi, institutmi yoki davlat byudjetidanmi?

Falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan doktorlik dissertatsiyasini oʻqish muddati tamom boʻlishidan oldin himoya qilganlarga, shuningdek ularning ilmiy rahbarlari va konsultantlariga muassasa rahbarining buyrugʻi bilan oʻqish muddatining qolgan davri uchun nazarda tutilgan tegishlicha stipendiyaning hamda doktorant bilan olib borilgan ish uchun toʻlovning jami miqdori hajmida tegishli diplom taqdim etilgan kundan boshlab koʻpi bilan 20 kun muddatda toʻlanadi.

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan mablagʻlar hisobidan, zarurat boʻlganda asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida amalga oshiriladi.

Asoslangan hujjatlar bilan Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligiga koʻrib chiqish uchun oʻrnatilgan tartibda murojaat etiladi.

18. Toshkent davlat agrar universitetining magistratura bosqichini tamomlamoqdaman, bizning universitetda oʻquv jarayoni yanvardan yanvargacha qilib belgilanganligi sababli biz haliyam stajirovka oʻtamoqdamiz, tabiiyki qabul muddatida biz hali diplom olmagan boʻlamiz, shunda bizning taqdirimiz nima boʻladi, biz bir yilu olti oy muddat vaqtimizga kuyib qolamizmi?

Tayanch doktoranturaga oʻqish yangi yilning 1-yanvaridan boshlanishini hisobga olib istisno tariqasida hujjatlarni yuklash boʻlimida diplomni oʻrniga vaqtinchalik taʼlim muassasadan maʼlumotnoma olinib joylanib turilishi maqsadga muvofiq. Shu asnoda qabul imtihonlarida qatnashish imkoniyatiga ega boʻladi. Diplomlarni asli yoki koʻchirmasi olingandan soʻng talabgor (izlanuvchi) hujjatlarni tahrirlash orqali diplomni yuklab qoʻyadi.

19. Ayolim Qoraqalpoq davlat universitetida bu yil magistratura bosqichini tugatdi va shu joyda vakant oʻrin boʻlganligi uchun, ilmga qiziqishi yaxshi boʻlganligi uchun kafedra boshligʻining tavfsiyasiga asosan oʻzi tugatgan kafedrada oʻqituvchi lavozimida ishlay boshladi. Endi tayanch doktoranturaga topshiray desa Qoraqalpoq davlat universitetida ingliz tili boʻyicha joy yoʻq deb aytishyapti. Baza yoʻq emish lekin maqsadli qilsa boʻladi ku? Ayolimning ilimiy rahbari Oʻzbekiston jahon tillari universitetida professorlar. Jahon tillarida 6 ta doktaranti boʻlganligi uchun ayolim Jahon tillariga topshira olmas ekan.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarorida «Fan doktori bir vaqtning oʻzida toʻrttadan koʻp boʻlmagan izlanuvchilarga ilmiy rahbar va konsultant boʻlishi mumkin. Soʻnggi uch yilda izlanuvchilari oʻz vaqtida himoya qilgan ilmiy rahbar va ilmiy konsultantlarga ilmiy yoki taʼlim tashkilotlarining kollegial organi xulosasi asosida oltitadan koʻp boʻlmagan izlanuvchilar biriktirilishi mumkinligi keltirib oʻtilgan. Bu holatda faqatgina boshqa ilmiy rahbarga murojaat etish maqsadga muvofiq.

20. Tayanch doktarantura, doktarantura va stajyor-tadqiqotchilik farqi nimada?

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son qarori 2-ilovasida quyidagicha taʼrif berilgan:

  • stajyor-tadqiqotchilik — ishlab chiqarishdan ajralgan holda tegishli ixtisoslik boʻyicha ilmiy va ilmiy-ijodiy izlanishlarni olib borish va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun izlanuvchini tayyorlash shakli;
  • tayanch doktorantura — falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) ilmiy darajasiga daʼvogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakli;
  • doktorantura — fan doktori (Doctor of Sciyence (DSc) ilmiy darajasiga daʼvogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralgan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakli;
  • mustaqil izlanuvchilik — falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Sciyence (DSc) ilmiy darajalariga daʼvogar izlanuvchilar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim shakli.

Manba: https://mininnovation.uz/oz/news/3524