Yangilik 05.10.2021 633

O‘zbekistonda biotexnologiya sohasidagi xalqaro standartlar tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 25-noyabrdagi PQ-4899-sonli "Biotexnologiyalarni rivojlantirish va mamlakatning biologik xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq joriy yilning mart oyida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ISO 20387:2018 “Biotexnologiya. Biologik namunalarni saqlash. Saqlashning umumiy talablari”, ISO 20391-1:2018 “Biotexnologiya - Hujayrani hisoblash - 1-qism: Hujayralarni hisoblash usullari bo‘yicha umumiy qo‘llanmalar”, ISO 20391-2:2019 “Biotexnologiya – Hujayralarni hisoblash 2-qism: Hisoblash usuli ko‘rsatkichlarini aniqlash uchun eksperimental loyihalash va statistik tahlil”, ISO 20395:2019 “Biotexnologiya - Nuklein kislota maqsadli ketma-ketliklari uchun miqdoriy usullarning ishlashini baholash. Umumiy talablar”, ISO 20688-1:2020 “Biotexnologiya - nuklein kislota sintezi - 1-qism: Sintez qilingan oligonukleotidlarni ishlab chiqarish va sifatini nazorat qilish bo‘yicha talablar Umumiy talablar” standartlari tasdiqlandi.

ISO standartlari (ISO) – muayyan maqsadlar uchun mos bo‘lgan materiallar, mahsulotlar, jarayonlar va xizmatlardan foydalanish mumkin bo‘lgan talablar, spetsifikatsiyalar, ko‘rsatmalar yoki tavsiflarni belgilaydigan hujjatlardir.

Standartlarni sotib olish bo‘yicha batafsil maʼlumot Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy tadqiqot institutining uzsti.uz veb-saytida "elektron fond" bo‘limida joylashgan.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi O‘zbekistonda mazkur standartlarni ixtiyoriy ravishda joriy qilishni boshlagan birinchi tashkilotdir. Xususan, ISO 20387:2018 standartining joriy etilishi va xalqaro miqyosda kelishilgan umumiy yo‘riqnomalarning mavjudligi saqlanadigan va uzatiladigan biologik materiallarning sifatini yaxshilashga, biobanklar va boshqa tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini oshirishga, biobanking xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga ishonchni mustahkamlashga yordam beradi hamda tadqiqotlar va ishlanmalarning rivojlanishini yana-da rag‘batlantiradi. ISO 20387:2018 talablari biobanklar tomonidan ularning hajmi, faoliyat turi, manbalari, rivojlanish darajasi yoki murakkabligidan qatʼiy nazar qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. Biobanklar haqida ilk xabarlar 1990-yillarning oxirida paydo bo‘lib, hozirda turli biologik namunalarni (odamlar, hayvonlar, o‘simliklar va mikroblar) saqlaydigan biobanklarga katta umid bog‘lanmoqda, ular qishloq xo‘jaligidan tortib, personallashtirilgan tibbiyotgacha ilmiy tadqiqotlarning barcha sohalarini qamrab olmoqda. Bundan tashqari, 20391-1:2018 va ISO 20391-2 talablarini inobatga olgan holda, mazkur Markazda yaratilayotgan texnologik platformani rivojlantirish uchun standart operatsion jarayonlar ishlab chiqilmoqda, negaki hujayralarni hisoblash natijalari biologik ishlab chiqarishdan ilg‘or terapiyagacha biotexnologiyaning ko‘p jihatlariga keng taʼsir ko‘rsatadi.

ISO 20688-1: 2020 ning laboratoriya amaliyotiga joriy etilishi raqamli (dPCR) yoki real vaqtdagi PZR (qPCR) texnologiyalari yordamida aniq nuklein kislotalar ketma-ketligi (DNK va RNK) miqdorini aniqlash usullarining samaradorligi va sifatini oshiradi.

Taʼkidlash joizki, bu standartlar nafaqat laboratoriya amaliyotida, balki biotexnologik mahsulotlar ishlab chiqarish texnologik jarayonida muvaffaqiyatli joriy etilishi mumkin.

 

Manba: https://mininnovation.uz/oz/news/3549