Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarda (markazlar, universitetlar va boshqalar), shu jumladan, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologik asbob-uskunalarda ishlash metodikasini o‘zlashtirish uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish maqsadida ularni tanlov asosida saralash tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Nizomga ko‘ra, ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha takliflarni umumlashtirish, nomzodlarni saralash, tanlovini tashkil etish va o‘tkazish O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Ilmiy stajirovka o‘tashga ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy va texnik-muhandis xodimlari nomzod sifatida tavsiya etiladi.
Nomzodning yoshi 25 dan 45 gacha bo‘lishi va u albatta xorijiy tillarni o‘zining ish faoliyatini amalga oshirish darajasida bilishi talab etiladi. Yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari 6 oygacha, ilmiy laboratoriyalarni jihozlash uchun sotib olinadigan zamonaviy ilmiy va texnologik asbob-uskunalarda ishlashni o‘rganish bo‘yicha ilmiy stajirovkalar 3 oygacha davom etadi.
O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ilmiy stajirovkalarga yuborish bo‘yicha tanlov haqidagi e’lonni tanlov o‘tkazishdan 1 oy oldin ommaviy axborot vositalari, shuningdek, internet-nashrlar va Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiradi. Tanlov qachon o‘tkaziladi, ishtirokchilarga qanday talablar qo‘yiladi, zarur hujjatlar ro‘yxati – bularning barchasi e’londa ko‘rsatib o‘tiladi.
Nomzodlarning hujjatlari ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalari bevosita bo‘ysunuvchi vazirlik yoki idoralar (buyurtmachi)ning rasmiy xati asosida Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etilib, unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
Nomzodning ushbu hujjatlarini ko‘rib chiqish, mutaxassislik fanidan chet tilida suhbat o‘tkazish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha bilim darajasi va ko‘nikmalarini aniqlash bevosita buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
Buyurtmachilarning ilmiy stajirovkalar bo‘yicha takliflari 10 kunlik muddatda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan umumlashtirilib, maxsus ekspert guruhiga xulosa olish uchun kiritiladi.
Maxsus ekspert guruhi bir oylik muddatda kiritilgan takliflarni to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqib, nomzodlarning ilmiy stajirovka dasturlari himoyasini o‘tkazib (bunda, nomzodlar o‘z ilmiy stajirovka dasturlarini chet tilida prezentatsiya ko‘rinishida himoya qilishlari talab etiladi), yakuniy xulosani Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etadi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tanlov natijalarini umumlashtiradi hamda tasdiqlash uchun Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kuzatuv kengashiga taqdim etadi.
Ilmiy stajirovka o‘tashga yuborish tanlov yakuniga muvofiq Jamg‘arma kuzatuv kengashining tegishli qarori qabul qilingandan so‘ng amalga oshiriladi.
Ilmiy stajirovkalar bo‘yicha xarajatlar Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasi, Vazirlik, xodimi yosh olim hisoblanadigan ilmiy-tadqiqot muassasasi (oliy ta’lim muassasasi) hamda yetakchi xorijiy ilmiy tashkilot o‘rtasidagi shartnoma bilan tartibga solinadi. Ilmiy stajirovka shartlari, talablari va muddatlari ayni shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.