Yangilik 03.10.2022 386

ILM-FAN SAMARADORLIGI O‘LCHOVIDA – ILMMETRIYA

Har bir davlat rivoji asosi bu ilm-fan bilan bevosita bog‘liq sanaladi. Bugungi kunga kelib davlatimiz tomonidan sohaga bo‘lgan eʼtibor har qachongidan ortgan. Ilm-fanning lokomotivi olimlar sanalib, ularning ilmiy faoliyati o‘lchovi “ilmmetriya” hisoblanadi. Bugun ilmmetriya nima? Uning davlat va jamiyat rivojidagi o‘rni qandayligini ushbu maqolada ochib berishga harakat qilamiz.


Ilmmetriya o‘zi nima?


Ilmmetriya ilm-fan rivojidagi o‘rni xususidagi savolga Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi Ilmmetriya sektor mudiri Diana Abdumuminova shunday javob berdi:

Ilmmetriya (Наукометрия) – Inglizchada Scientometrics– ilm-fanni o‘lchash maʼnosini anglatib, bu atama fanga ilk bor 1969-yilda kirib kelgan, – deydi Diana. Ilmmetriya ilmiy jamoatchilik vakillari uchun nihoyatda muhim o‘lchov deb aytsak to‘g‘ri bo‘ladi. Ilmmetriyaning bir nechta ko‘rsatkichlari mavjud. Jumladan:

·    Iqtiboslar indeksi;

·    Ilmiy jurnalning iqtiboslar indeksi;

·    Impakt-faktor;

·    Xirsh indeksi;

·    Va Kvartil (chorak) Q dan iborat

Bulardan eng muhimi iqtiboslar ko‘rsatikichi hisoblanib, unda tadqiqot ishiga berilgan iqtiboslar soni va sifati o‘lchanadi. Mazkur natijalarni tahlil etish asnosida olim, OTM va ITM lar ilmiy natijadorlik ko‘rsatkichlarini aniqlash va maxsus reytinglar shakllantirishi mumkin.

Misol uchun, 2021 yilda mahalliy olimlar tomonidan Scopus maʼlumotlar bazasida chop etilgan ilmiy maqolalar bo‘yicha tahlili o‘tkazildi. Tadqiqot natijasiga ko‘ra bazadagi eng ko‘p maqolalar muhandislik yo‘nalishida (11.8 foiz), eng kam natija esa (2.2 foiz) kimyo yo‘nalishida ekanligi aniqlandi.

Ilmmetriyaning jamiyatdagi eng ahamiyatli jihatidan yana biri qaysi sohalarda ilm-fan tezroq va sifatliroq rivojlanayotganligi va qaysi yo‘nalishda turtki kerakligini aniqlashda yordam beradi. Maʼlum vaqt davomida matematika, fizika fanlariga bo‘lgan eʼtibor biroz kam bo‘lgan. Bugun esa, sohalarga berilayotgan eʼtibor va ilmmetrik tadqiqotlar asnosida, ilmiy o‘sish sezilarli ortdi.

Fanlar kesimidagi olib borilgan tahlillarga ko‘ra, fanlar rivojlanishi tendensiyasi yildan-yilga jahon miqyosida o‘zgarib bormoqda. Olingan natijalar kelajakda eng ko‘p talab qilinadigan sohalarni aniqlashda, mehnat bozorida istiqbolli yo‘nalishlarni va ish o‘rinlarini yaratishga ham imkon beradi. Ilmmetriyaning ko‘rsatkichlari orqali olib borilgan tahlil xulosalariga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi yillarda kompyuter texnologiyalari va fizika-matematika yo‘nalishlari aktual sohalar qatoridan joy olgan. Hatto, talabalar o‘rtasida ham ushbu fanlarga bo‘lgan talab ortgan, – deydi Diana.

Mazkur tadqiqotlarning yana bir muhim foydali jihati bu mamlakat “image”ini oshirishdagi o‘rni hisoblanadi. Bugunga kelib, H-index yuqori bo‘lgan matematik olim, professor Abror Xudoyberdiyev, iqtisodchi olim, prfessor Rauf Salaxodjayevlar bu borada qolgan tadqiqotchi olimlar uchun o‘rnak sifatida ko‘rsatgulik natijalari orqali xalqaro ilmiy hamjamiyatda O‘zbekiston nomini tanitib kelishmoqda. 2021 yilda iqtiboslilik foizi 1.57 ga ko‘tarilganligini ham alohida qayd etish lozim.

Ilm-fan reytingini oshirishiga eng qisqa 7-10 yil muddat talab etiladi

Ilmmetriya sohasida jahon standartlarini joriy etish maqsadida 2022 yil Innovatsion rivojlanish vazirligi va Ural Federal universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Hamkorlikdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda ilmiy faoliyatni jahon standartlari asosida ko‘tarish va sifat darajasini oshirish. Fikrimcha, mamlakat o‘zining ilmiy faoliyati darajasidan kelib chiqib reytingda ko‘tarilish konsepsiyasini ishlab chiqishi lozim, – deydi Mark Akoyev.

Jahon reytingida ko‘tarilishning o‘ziga xos yo‘llari mavjud. Ulardan ikkita asosiylari:

·     Ilmiy tadqiqotlar uchun davlatning moddiy qo‘llovi va miqdor jihatdar ortib borishi;

·     Jahon standartlariga muvofiq malaka oshiradigan aspirantlar va doktorantlar sonini ko‘paytirish.

Ilm-fan yo‘nalishida xalqaro tajriba almashish doimo yaxshi samara beradi. Ilmmetriya ko‘rsatkichini oshirishuvchi bu yo‘nalish bugun Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan xorijga stajirovka o‘tash ko‘rinishida yo‘lga qo‘yilgan.

Aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha qo‘shni Qozog‘iston yaxshi natijalarga erishgan. Ular bu yutuqqa xorijiy (asosan “yirtqich” jurnallar ko‘pchiligi) jurnallarda maqola chop etish talabini inkor etib, aspirantlarni tadqiqot o‘tkazish uchun xorij davlatlariga yo‘naltirish bilan erishgan. Bu boradagi yana bir yorqin misol, Turkiya jumhuriyati sanalib, ular doktorantlarni moliyalashtirish miqdorini ko‘paytirish orqali dissertatsiya himoyasiga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirdi. Tajribalarga ko‘ra, mamlakatlar reytingini oshirishiga eng qisqa muddat 7-10 yilni tashkil etadi. Biz imzolangan kelishuvga asosida Ural Federal universitetining bu boradagi tajribasini O‘zbekiston joriy etib ilm-fan rivojiga hissa qo‘shmoqchimiz.

 

Maqsad - olimlarning faoliyatini jahonga tanitish

I-EDU GROUP asoschisi Mirzalimov Ulug‘bek Ilmmetriyani rivojlantirish bo‘yicha maxsus platformaning o‘rni haqida shunday deydi:

Biz yaratgan “ScienceWeb” platformaning birinchi muhim maqsadi mahalliy va xorijiy olimlarning faoliyatini jahonga tanitish. Ilmmetriyaning asosi aslida ilmiy maqolalarning soni, iqtiboslar ko‘rsatkichi emas, balki ilm-fan yo‘nalishining insonlarga keraklilik darajasini o‘lchashdan iborat.

Bugun barcha sohada raqamlashtirish ustuvor ahamiyatga ega, ilm-fanning “ilmmetriya” sohasida ham bu borada mahalliy “ScienceWeb” platformasi yaratildi. Platforma orqali xalqaro ilmiy bazalarga integratsiya/indeksatsiya qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirgan. Bunda quyidagi amallar bajariladi:

·      Olimlar shaxsiy profillari orqali ilmiy maqolalarini yuklaydi;

·      Ularning maqolalariga iqtiboslar ko‘rsatkichini orttirish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, ilmiy jurnallarni ham bazaga kiritish ishlari olib borilmoqda.

Bu tizim mahalliy ilmiy jurnallar uchun xalqaro bazalarga kiritish imkoniyatlarini taqdim etuvchi ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi, deb umid qilaman. Bu jurnallarni nufuzi va xalqaro tadqiqotchilar qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Hozirgi kunda respublika bo‘ylab ilmiy ishlarni to‘g‘ri raqamlashtirmaslik ortidan bizning ilmiy ishlar, ilmiy faoliyat va iqtiboslarimiz xalqaro miqyosda namoyon bo‘lmayapti. Misol uchun, “Google Scholar” bazasiga kirganimizda, O‘zbekistondagi 160 dan ortiq oliy taʼlim muassasalaridan atigi 35 tasi jahon reytingida mavjud. Agar biz Xitoy modeli bo‘yicha ketsak, qisqa vaqt oralig‘ida buni yo‘lga qo‘yishimiz mumkin. Xitoy maksimal darajada harakati natijasida 1 yilda o‘z milliy bazasini yaratib, barcha ilmiy ishlarni raqamlashtirish orqali Ilmmetrik ko‘rsatkichlarni oshirgan va dunyo reytingida ilmiy maqollar chop etish bo‘yicha yetakchilikni egallab kelmoqda.

 Aziza ASLANOVA,

Ilmiy-texnik axborot

markazi mutaxassisi