Yangilik 19.03.2023 291

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriga YUNESKOning nufuzli xalqaro mukofoti topshirildi

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovga Ekvatorial Gvineyaning Jibloho shahrida tabiiy fanlar sohasidagi tadqiqotlar uchun YUNESKO – Ekvatorial Gvineya xalqaro mukofoti topshirildi.

Shuningdek, ushbu mukofot bilan Misr Milliy tadqiqot markazining oziq-ovqat toksikologiyasi va ifloslantiruvchi moddalar kafedrasi professori Mosaad Attia Abdel-Wahhab, Vilnyus universitetining kimyo va yer fanlari fakultetidagi “Nano Tech nas” nanotexnologiya va materialshunoslik markazi rahbari Almira Ramanaviciene, Xitoyning ilmiy tadqiqotlarga yoʻnaltirilgan birinchi xususiy universiteti - Westlake University asoschisi Yigong Shi ham taqdirlandi.

Mukofotlanganlarning tadqiqotlari oziq-ovqat xavfsizligi, paxta navlarini takomillashtirish, vaksinalarni ishlab chiqish va ogʻir irsiy kasalliklarni davolashning innovatsion usullariga qaratilgan.

Maʼlumot uchun, YUNESKOning mazkur mukofoti 2012-yildan buyon olimlarning hayot toʻgʻrisidagi fanlar boʻyicha erishgan yutuqlari, asosan, aholi ogʻirini yengil qilish, hayotini yaxshilashga qoʻshgan hissasi uchun berib kelinmoqda. Janubiy Afrika, Meksika, Misr, Peru, Burkina-Faso, Eron, Braziliya, Hindiston, Senegal, Portugaliya, Isroil, AQSH, Irlandiya, Xitoy, Buyuk Britaniya yetakchi olimlari mazkur mukofot gʻolibi boʻlgan.

Tadbir dasturiga muvofiq barcha taqdirlanganlar ishtirokida matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda laureantlar faoliyati haqida maʼlumotlar berilib, ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berildi.