Yangilik 24.09.2025 1

Akademik Ahmadali Asqarov tavalludining 90-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasida yurtimizdagi yetuk arxeolog olim, akademik Ahmadali Asqarov tavalludining 90-yilligi munosib nishonlandi. Ushbu tantanali tadbirda Hukumat vakillari, akademiklar, davlat va jamoat arboblari, oliy ta’lim muassasalari vakillari, olimning hamkasblari va shogirdlari ishtirok etdi.

Marosimni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov ochib berdi. U o‘z nutqida so‘nggi yillarda ilm-fan taraqqiyotiga, xususan, tarix va arxeologiya sohasi rivojiga Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida alohida to‘xtaldi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov mamlakatimiz rahbarining samimiy tabrigini yetkazdi hamda akademik Ahmadali Asqarovning ko‘p yillik samarali ilmiy faoliyati, arxeologiya sohasini yuksaltirishdagi beqiyos xizmatlarini e’tirof etib, uni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmonni o‘qib eshittirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ham olimini yuksak e’tirof etib, tabrik so‘zlarini izhor qildi va Ahmadali Asqarovni "Oliy ta’lim a’lochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

Yig‘ilishda akademikning ilmiy merosi, o‘zbek arxeologiyasi va umumiy tarixshunoslikka qo‘shgan beqiyos hissasi yuksak qadrlandi. So‘zga chiqqanlar uning boy ilmiy merosi va shogirdlar tayyorlashdagi faoliyati haqida samimiy fikrlar bildirishdi.

Tantana yakunida ishtirokchilar akademik Ahmadali Asqarovni qutlug‘ 90 yoshi hamda Davlatimiz rahbarining yuksak mukofoti bilan muborakbod etishdi. Unga uzoq umr, bardavom salomatlik va ilmiy faoliyatlarida yangi yutuqlar tilashdi.