Yaponiya hukumatining SATREPS-2020 grant dasturi – Barqaror rivojlanish uchun ilm-fan va texnologiya tadqiqot hamkorligi doirasida “Orolbo‘yi mintaqasida tuproqning sho‘rlanishiga qarshi kurash, yerning unumdorligi va oziq-ovqat xavfsizligini oshirish uchun suv resurslaridan foydalanishni monitoring va nazorat qilishning yangi texnologiyalarini ishlab chiqish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Innovatsion rivojlanish agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha 2022-2027-yillarga mo‘ljallangan va Yaponiya hukumatining 5,0 mln AQSH dollar grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
Loyihaga ko‘ra Orolbo‘yi mintaqasida yerlarning unumdorligini oshirish va suvdan foydalanish imkoniyati cheklangan mahalliy aholining farovonligini yaxshilash maqsadida zamonaviy iqlim o‘zgarishlarini kuzatish markazini tashkil etish, meteorologik monitoringlar olib borish, shuningdek sho‘rlangan sharoitda qishloq xo‘jaligiga yangi yapon texnologiyalarini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Innovatsion rivojlanish agentligida SATREPS-2020 dasturi doirasida Yaponiyalik va O‘zbekistonlik soha mutaxassislari ishtirokida ikki kunlik seminar tashkil etildi. Unda 100 dan ortiq olimlar, vazirlik va idoralarning Orol dengizining qurigan tubi ekotizimini tiklash, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan ilmiy tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish salohiyatiga ega bo‘lgan xodimlar ishtirok etdi.
Seminarda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari, Yaponiyalik va O‘zbekistonlik olimlar hamda loyiha ishtirokchilari tomonidan Orolbo‘yi mintaqasida 2024-2025-yillarda davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar loyiha doirasida O‘zbekiston-Yaponiya qo‘shma loyihalar tanlovi e’lon qilinib, jami 12 ta loyiha 23,7 mlrd. so‘m miqdorida moliyalashtirildi. Bundan tashqari, 45 nafardan ortiq O‘zbekistonlik olimlar Yaponiya davlatida tajriba almashib, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ilm-fan sohasidagi salohiyatini shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini mustahkamlashga erishdilar.
Shu bilan birga, loyiha doirasida Yaponiyadan ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun tuproq tarkibidagi tuz miqdori, tuproqda tuz va suv taqsimotini, suv sifatini nazorat qilish, geografik axborot tizimlari (GIS) maʼlumotlarini va meteorologik kuzatuvlarni tahlil qilishga mo‘ljallangan uskunalar, uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) olib kelingan.
Shuningdek, seminar davomida SATREPS-2020 dasturi doirasida 2026-yilda O‘zbekiston-Yaponiya qo‘shma loyihalar tanlovining 2-bosqichida e’lon qilingan loyihalarni saralash, O‘zbekistonlik olimlarni Yaponiya davlatiga ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun yuborish hamda iqlim o‘zgarishi va havo namligini tahlil qiluvchi innovatsion meteostansiyalar tashkil etish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi.