Yangilik 08.04.2022 412

Innovatsion rivojlanish vaziri yosh olimlarni qabul qildi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ijtimoiy tarmoqlarda yosh tadqiqotchilarning muammolari borligi va shu borada uchrashuv tashkil etishni so'ragan yoshlarni qabul qildi.

Uchrashuvga Toshkent shahridagi Yodju texnika institutida kimyo fani o'qituvchisi, o'rindosh sifatida Bioorganik kimyo instituti kichik ilmiy xodimi sifatida faoliyat yurituvchi Isokjon Pozilov, Bioorganik kimyo instituti kichik ilmiy xodimi Bobur Sindarov, Bioorganik kimyo instituti kichik ilmiy xodimi Nurxo'ja Muhamedov, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam markazi 3-kurs doktoranti Odil Lutfullaev, Toshkent davlat texnika Universiteti umumiy kimyo kafedrasi 1-bosqich tayanch doktoranti Shohjahon Tursunov, Bioorganik kimyo instituti 1-bosqich tayanch doktoranti Azizbek Boydidaev keldilar. Shuningdek, qabulda Samarqand shahar kengashi deputati, Oliy Majlis Senati qoshidagi "Yoshlar parlamenti"ning Innovatsiyalar, startaplar, axborot texnologiyalar komissiyasi raisi Shohruh Alibekov, vazirlik boshqarma va bo'lim boshliqlari ishtirok etdilar.

Tadqiqotchilar ilmiy-tadqiqot institutlarida kichik ilmiy xodimlarning maoshlari kamligi bois qo'shimcha ishlar bilan shug'ullanishlari va shu tufayli ilmiy tadqiqotlarga vaqt ajrata olmayotganlaridan shikoyat qildilar. Shuningdek, ular uy-joy sotib olishda qiynalayotganlarini ham aytib, bu borada yordam so'radilar.

Innovatsion rivojlanish vaziri I. Abdurahmonov keyingi yildagi islohotlar tufayli ilmiy xodimlarning maoshlari oshgani, bundan tashqari yoshlar turli ilmiy loyihalarda ishtirok etib, ham ilm bilan foydalanib, ham qo'shimcha maosh olishlari mumkinligini aytdi. Bundan tashqari, vazir yosh tadqiqotchi bo'lgan davridagi qiyinchiliklar, bosib o'tgan yo'li va o'z tajribasidan kelib chiqib, xorijiy va mahalliy grant mablag'larini jalb qilish imkoniyatidan ham foydalanish lozimligini ta'kidladi.

Shuningdek, uchrashuvda yosh tadqiqotchilar uchun hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yiliga ikki marta «Bo'lajak olim» tanlovi e'lon qilinayotgani, bunda yoshlar soddalashtirilgan mexanizm asosida, ya'ni xalqaro jurnallarda maqola chop etmay, ilmiy unvonga ega bo'lmasdan grant mablag'larini qo'lga kiritishlari mumkinligini aytib o'tildi. Bu imkoniyatdan nafaqat mazkur uchrashuvga tashrif buyurgan tadqiqotchilar, respublikamizning barcha yoshlari foydalanishlari mumkinligi alohida ta'kidlandi. Maoshlarni ko'tarish bo'yicha amaliy echim sifatida, murojaatchi-yoshlarga vazirlik xodimlari biriktirilib, qisqa muddatda «Bo'lajak olim» dasturiga o'z loyihalarini tayyorlashga ko'maklashish va qisqa muddatda ko'rib chiqilib, moliyalashtirish topshirig'i berildi. Bunda har bir yosh olim o'z oylik maoshiga qo'shimcha olishlari va atrofidagi yoshlarni ham ishga olishlari mumkinligi tushuntirildi.

 

Uy-joy olish masalasini hal etish yo'li bu – yosh olimlarning uy-joy uchun subsidiya uchun hujjatlar topshirishlari mumkinligi ekani qayd etildi. Deputat Sh. Alibekov subsidiya uchun hujjatlarni tayyorlashda yordam ko'rsatishga va'da berdi.

 

Yosh olimlar diqqatiga:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi PF-5886-son «Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmonining 1-bandiga ko'ra bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashning yangi tartibi joriy etilgan. Unga ko'ra, ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi pul mablag'larini tijorat banklariga 20 yil muddatga bozor shartlari asosida joylashtirishi, shuningdek, tijorat banklari aholiga o'z mablag'lari va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan mablag'lar hisobidan ipoteka kreditlarini taqdim etishi, ayrim shaxslarga, shu jumladan daromadi yuqori bo'lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo'lganlarga ipoteka krediti bo'yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan subsidiyalar to'lanishi belgilangan.

Shuningdek, mazkur Farmonning 4-bandiga muvofiq yangi tartib doirasida O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ajratilgan mablag'lar hisobidan ipoteka kreditlari birlamchi uy-joy bozorida sotiladigan kvartiralarni (shu jumladan, yangi tartib doirasidan tashqari qurilgan va birlamchi uy-joy bozorida sotiladigan kvartiralarni) sotib olish uchun har yili tasdiqlanadigan ipoteka kreditining eng ko'p miqdoridan oshmaydigan miqdorda 20 yil muddatga va dastlabki badali sotib olinadigan kvartira qiymatining 15 foizidan kam bo'lmagan miqdorda berilishi belgilangan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 martdagi PF-6186-son «Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta'minlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi Farmonining 6-bandiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 maydagi PQ-4701-son qaroriga muvofiq Andijon, Namangan va Farg'ona viloyatlarida joriy etilgan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruktsiya qilish uchun kreditlarni ajratish tartibi barcha hududlarda joriy etilishi belgilandi.

Bunda, kreditlar Qoraqalpog'iston Respublikasi va har bir viloyatda 500 ta, jami 6 500 ta yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruktsiya qilish) uchun ajratiladi. Kreditlar ipoteka kreditining eng ko'p miqdorlaridan oshmaydigan va dastlabki badali yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruktsiya qilish) ishlari qiymatining 15 foizidan kam bo'lmagan miqdorda, 6 oylik imtiyozli davr bilan 20 yil (yigirmanchi yilni ham qo'shgan holda) muddatga ajratiladi.

Shu bilan birga, kreditlar qurilish materiallarini sotib olish va yakka tartibdagi uy-joyni qurish (rekonstruktsiya qilish) ishlarini amalga oshirish bo'yicha xarajatlarni qoplashga beriladi. Bunda, qurilish ishlari qonun hujjatlariga muvofiq qarz oluvchining o'z kuchi bilan, xususiy pudrat tashkilotlarini yoki o'zini o'zi band qilgan shaxs sifatida ro'yxatdan o'tgan yollanma ishchilarni jalb etgan holda amalga oshirilishi mumkin. Kreditlar bo'yicha ta'minot sifatida jismoniy shaxslarga tegishli bo'lgan yakka tartibdagi uy-joy garovi yoki boshqa ta'minot turlari taqdim etiladi.

Daromadi yuqori bo'lmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga yakka tartibdagi uy-joylarga ajratilgan ipoteka kreditlari bo'yicha dastlabki besh yil mobaynida foiz stavkasining 10 foizlik punktdan oshgan qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi.