Yuqorichirchiq tumanidagi “Mirzayev Islom” fermer xo‘jaligida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha doirasida yaratilgan “Biovak Y24” biosimulyatori sinovdan o‘tkazildi. Natijada bir gektar yer maydonida paxtaning “Sulton” navidan 50–60 sentner hosil olish mumkinligi aniqlandi.
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi tomonidan tashkil etilgan dala seminarida bildirilishicha, 33 gektar maydonda o‘tkazilgan tajriba jarayonida preparat qo‘llanilgan qatorlarda rivojlanish sezilarli darajada yuqori natija bergan. Biosimulyator qo‘llanilmagan 12 ta qatorda esa hosildorlik past bo‘lgan.
“Biovak Y24” nafaqat hosildorlikni oshiradi, balki tuproq unumdorligini saqlash va ekologik muvozanatni ta‘minlashga ham xizmat qiladi, deydi mutaxassislar.
Tadbirda Urug‘chilikni rivojlantirish markazi rahbari Sh.Otajonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Аgrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi R.Mamutov, Respublika Paxtachilik kengashi, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti hamda AKIS mutaxassislari qatnashdilar.