Yangilik 19.09.2025 3

Toshkentda Xalqaro sifatni ta’minlash forumi boshlandi

19-sentyabr kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ko‘magida Toshkent shahridagi Vebster universiteti tashabbusi bilan mamlakatimizda ilk bor Xalqaro sifatni ta’minlash forumi (IQAF) o‘z ishini boshladi.

Forum 2025-yil 19–20-sentyabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilmoqda. Birinchi kun tadbirlari InterContinental mehmonxonasida o‘tkazildi.

Tadbir ochilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov nutq so‘zlab, oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, akademik halollikni mustahkamlash hamda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, O‘zbekiston diplomlarining xalqaro miqyosda tan olinishiga erishish muhim vazifa sifatida ta’kidlandi.

Forum ishida O‘zbekistondagi 30 dan ortiq oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, shuningdek 13 nafar mutaxassis, jumladan AQSH va Yevropa mamlakatlaridan 9 nafar xalqaro ekspert ishtirok etmoqda. Ularning taqdimotlari oliy ta’limda sifatni ta’minlash va akkreditatsiya jarayonlarini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalariga bag‘ishlandi.

Panel sessiyalarda INQAAHE, EQAR, QAA, AQAS, shuningdek Niderlandiya, Belgiya, Ispaniya va Qozog‘istondan yetakchi ekspertlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.

Mazkur forum mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida sifatni ta’minlash borasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni joriy etishda muhim maydonga aylanmoqda.

Ikkinchi kun tadbirlari ertaga, 20-sentyabr kuni Toshkent shahridagi Vebster universiteti kampusida davom etadi.