Yangilik 20.09.2025 4

“Olam ichra tanho – Navoiy” nomli fotoko‘rgazma ochildi

2025-yil 20-sentabr kuni Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Yaponiyaning Soka universiteti delegatsiyasi ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Dastlab “Do‘stlik bog‘i”da Alisher Navoiy haykali poyiga sakura ko‘chati ekildi. Bu ezgu an’ana O‘zbekiston va Yaponiya do‘stligining ramzi sifatida Soka universiteti asoschisi, tinchlik va insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etgan doktor Daysaku Ikeda xotirasiga bag‘ishlandi.

Alohida qayd etish joizki, doktor Daysaku Ikeda sa’y-harakatlari bilan 2004-yilda Yaponiyadagi Soka universitetida aynan buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan edi. Bu yodgorlik O‘zbekiston hukumati tomonidan tuhfa etilgan bo‘lib, u xalq rassomi Ravshan Mirtojiyev ijod mahsuli sanaladi.

Haykal poydevoriga Navoiyning quyidagi hikmatli so‘zlari bitilgan:

“Olam ahli, bilingizkim, ish emas dushmanligʻ,
Yor oʻling bir-biringʻizgakim, erur yorligʻ ish”

Shundan so‘ng universitet foyesida “Olam ichra tanho – Navoiy” nomli fotoko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda doktor Daysaku Ikeda tomonidan olingan noyob fotosuratlar namoyish etildi. Delegatsiya universitetga 35 ta maxsus tarixiy suratlarni tuhfa qildi.

Tadbir davomida doktor Ikedaga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi. Universitet rektori akademik Shuhrat Sirojiddinov, Soka universiteti prezidenti professor Sudzuki hamda delegatsiya vakillari Navoiyning insonparvarlik g‘oyalari va Ikeda falsafasidagi mushtaraklikni alohida ta’kidladilar.

Uchrashuv universitet talabalari tayyorlagan ijodiy dastur bilan yakunlandi.