Yangilik 20.09.2025 5

“Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari boshlandi

Joriy yilning 20-sentyabr kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida oliy va kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalarini qamrab oluvchi “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalariga rasmiy start berildi.

Tadbirda Prezidentning sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Sport vaziri Adham Ikramov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Yoshlar ishlari agentligi, Mahallalar uyushmasi, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi vakillari hamda Toshkent shahridagi barcha OTM rektorlari ishtirok etdilar.

Marosim TATU sport zalida bo‘lib, mamlakatning 13 ta hududidagi oliy ta’lim muassasalari vakillari ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda qo‘shildilar.

Tadbir ochilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov nutq so‘zlab, musobaqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgani, uch yil davomida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va ommaviy sportni rivojlantirishda muhim o‘rin egallab kelayotganini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda oliy taʼlim muassasalarida 26 ta olimpiya turi bo‘yicha kamida 3 ta sport klublari tashkil etilgan bo‘lib, 721 ta sport seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sport musobaqalarini o‘tkazishning yagona tizimi shakllantirilgan.

2024-yilgi mavsum doirasida (sentyabr–dekabr) oliy ta’lim muassasalari talabalarining 442 ming nafardan ortig‘i 5 ta sport turi (mini futbol, voleybol, stritbol, yengil atletika, stol tennisi) bo‘yicha 4 bosqichli (fakultet–OTM–hudud–respublika) musobaqalarda ishtirok etdi.

Shuningdek, joriy yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari voleybol, yengil atletika, shashka, shaxmat va stol tennisi turlarida kasbiy ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun ham 3 bosqichli (muassasa–tuman–hudud) musobaqalar tashkil etiladi.

Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘rtasida esa mini futbol, voleybol, stritbol, yengil atletika va stol tennisi bo‘yicha 4 bosqichli (fakultet – oliy taʼlim muassasasi – hududiy – respublika) musobaqalar o‘tkaziladi. 

Umumiy hisobda yil davomida 700 ming nafar o‘quvchi va talabaning qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Tadbirda shuningdek talabalar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishdagi faol hamkorligi uchun:

Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimov,
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov,
Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori G‘ofurjon Muhammadov,
Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Baxtiyor Mahkamov,
Urganch davlat universiteti birinchi prorektori Dilshod Ibadullayev “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandilar.

Musobaqalarda me’yorlarni bajargan talabalar sertifikatlar bilan, g‘olib va sovrindorlar esa I, II, III darajali “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlarning iste’dodini yuzaga chiqarish, ularni jismonan sog‘lom va ma’nan yetuk shaxs sifatida tarbiyalash, hamjihatlik va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.