Yangilik 22.09.2025 2

Xalqaro seminar: “Xalqaropatent strategiyalari va investitsiyalarni boshqarish”

Bugun ilm-fan va texnologiyalar mislsiz sur’atlar bilan rivojlanayotgan bir davrda yashayapmiz. Innovatsiyalar nafaqat ijtimoiy taraqqiyotning, balki iqtisodiy raqobatbardoshlikning ham bosh mezoniga aylangan. Ayniqsa, intellektual mulk, ixtirolar va ularni himoya qilish masalalari har qachongidan dolzarb bo‘lib bormoqda. Zero, bugun g‘oya egasi o‘z mulkini himoya qilmasa, ertaga uni bozorda ko‘ra olmaydi.  

Ana shunday dolzarb muammolar yechimini topish, xalqaro tajriba asosida samarali yo‘nalishlarni belgilash maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligida “Xalqaro patent strategiyalari va investitsiyalarni boshqarish” mavzusidagi seminar bo'lib o'tdi. Ushbu seminar Innovatsion rivojlanish agentligi hamda AQSh Savdo vazirligining Savdo huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) hamkorligida tashkil etildi.

Seminarda davlat idoralari, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, xususiy sektor mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etgani bu tadbirning ko‘lami va ahamiyatidan dalolat beradi. Asosiy e’tibor — O‘zbekistonda intellektual mulk tizimini yanada takomillashtirish, ilmiy ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.

Tadbir doirasida patentlashning ichki va xalqaro tartiblari, ixtirolarni himoya qilish strategiyalari, tezlashtirilgan ekspertiza jarayonlari, “prior art” izlanishlari va boshqa muhim masalalar muhokama qilinmoqda. Bularning barchasi bir maqsadga — ilmiy g‘oyalarni real iqtisodiy mahsulotga aylantirishga xizmat qiladi.

Mazkur seminar — “CLDP” va O‘zbekiston o‘rtasida shakllangan samarali hamkorlikning mantiqiy davomi. So‘nggi yillarda intellektual mulk siyosati, texnologiyalar transferi hamda ixtirolarni tijoratlashtirish borasida o‘tkazilgan o‘quv-seminarlar natijasida mutaxassislar yangi bilim va tajriba orttirdilar. 

Ushbu seminar ushbu sa’y-harakatlarning yangi bosqichi bo‘lib, unda nafaqat nazariy bilimlar, balki amaliy keys-stadi, real tajribalar va xalqaro ekspertlarning maslahatlari asosida ishtirokchilar malakalarini oshirmoqda.
 

Intellektual mulk — bu faqat huquqiy tushuncha emas. U  iqtisodiyotning yangi yo‘nalishlarini belgilovchi kuch, milliy innovatsion tizimning tayanchi va kelajak sarmoyasidir. Bugungi dunyoda “kim tezroq patent oldi — o‘sha g‘olib” tamoyili tobora kuchayib bormoqda. Ayniqsa, xalqaro bozorga chiqishni maqsad qilgan olimlar uchun bu masala hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois, seminarda ixtirochilar, startapchilar va ilmiy xodimlarga intellektual mulkni qanday himoya qilish, uni qanday tijoratlashtirish, qanday qilib global miqyosda tan olish mumkinligi bo‘yicha amaliy bilimlar berildi. AQSh va boshqa rivojlangan mamlakatlarning patent tizimi misolida o‘rganilayotgan bu tajribalar, shubhasiz, o‘zbek innovatorlari uchun foydali bo‘ladi, -deydi AQSh Kornell universiteti professori Richard Kaxun.