Texnoparklar

Texnoparklar haqida

Texnopark — bu hududiy, ilmiy, texnologik va innovatsion loyihalarni amaliyotga tadbiq etuvchi texnologik baza hisoblanadi. Texnopark — mulk kompleksi bo’lib, u ilmiy-tadqiqot institutlari, sanoat obyektlari, biznez markazlari, ko'rgazma maydonlari, taʼlim muassasalari, va shuningdek, xizmat ko'rsatish obyektlari: transport vositalari, o'tish yo'llari, aholi yashaydigan qishloqlar va qo'riqlash xizmatini o'z ichiga oladi. Xalqaro texnologik parklar assotsiatsiyasi innovatsion infratuzilma obyektini quyidagicha taʼriflaydi: texnopark — bu tashkilot mutaxassislari tomonidan boshqariladi, uning asosiy maqsadi innovatsion madaniyatni rivojlantirish orqali mahalliy aholi yashash farovonligini yaxshilash va innovatsion biznes va ilmiy tashkilotlarning raqobatbardoshligini oshirishdan iborat. Ushbu maqsadlarga erishish uchun texnopark universitetlar, ilmiy-tadqiqot institutlari, kompaniyalar va bozorlar o'rtasida axborot va texnologiyalar bilim oqimini boshqaradi va rag'batlantiradi. Yangi g'oyalar yaratilishini osonlashtiradi va inkubatsiya jarayonlari orqali innovatsion kompaniyalarni yaratadi.

Texnopark, texnologik park — fan, taʼlim va ishlab chikarishni ilmiy tashkilotlar, loyihakonstruktorlik byurolari, o'quv yurtlari, ishlab chikarish korxonalari birlashmasi ko'rinishida hududiy uyushtirish shakli. Yuqori malakali mutaxassislarning bir joyga to'planishi natijasida ilmiy-texnika va texnikatexnologiya ishlanmalarini yaratish va ularni qo'llashni jadallashtirish maqsadlarida tashkil etiladi. Rivojlangan mamlakatlarda keng tarqalgan. Ko'pincha soliq imtiyozlariga ega bo'ladi.

Texnoparklar asosan innovatsion g'oyalar shakllanadigan joy. Biroq, texnoparklar zamonaviy ilm-fan shaharlari – yangi texnologiyalarni joriy etish uchun nafaqat platformadir, balki, noyob meʼmoriy loyihalar amalga oshiriladigan joy hamdir.

Texnoparkning asosiy vazifalaridan biri mamlakatimizda IT-kompaniyalarni rivojlantirish va har tomonlama qo'llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek ularni ichki va tashqi bozorlarda ilgari surishdir. Aynan shu sababli, endi yangidan tashkil etilgan va o'z faoliyatini boshlagan kompaniyalar singari, IT sohasida allaqachon mavjud bo'lgan, o'z faoliyati doirasini kengaytirish va xalqaro bozorga chiqish niyatida bo'lgan tashkilotlarning ham rivojlanishi uchun Texnoparkning rezidentlariga keng imkoniyatlar va imtiyozlar taqdim etilgan.

Texnopark rezidentlari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-iyundagi PF-5099-sonli “O'zbekiston Respublikasida axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to'g'risida” gi farmoniga binoan quyidagilarni to'lashdan ozod etilgan:

- barcha turdagi soliqlar va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar, shuningdek yagona ijtimoiy toʻlov;

- oʻz ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar, uzellar, texnologik hujjatlar, dasturiy taʼminot uchun bojxona toʻlovlari (bojxona yigʻimlaridan tashqari).

Shuningdek, Texnopark rezidentlari quyidagi huquqlarga ega:

- Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport qilishdan tushgan tushumlar doirasida xalqaro toʻlov kartalariga naqd pulsiz shaklda xorijiy valyutada dividendlarni toʻlash;

- tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) eksport qilishdan tushgan mablagʻ doirasida xorijiy mutaxassislarga xorijda ochilgan xalqaro toʻlov kartalariga naqdsiz shaklda xorijiy valyutada ish haqi toʻlash;

- eksport shartnomasisiz Internetning xalqaro axborot tarmogʻidagi onlayn-doʻkonlar orqali xorijiy valyuta boʻyicha ishlar va xizmatlar eksportini amalga oshirish.

Rezidentlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari boʻyicha olingan ish haqi koʻrinishidagi daromadlar 7,5 foiz miqdorida belgilangan jismoniy shaxslarning daromad soligʻiga tortiladi va jismoniy shaxslarning soliq solinadigan maqsadlarda belgilangan yillik umumiy daromadlari tarkibiga kiritilmaydi.

Kim Texnopark rezidenti boʻlishi mumkin?

“Oʻzstandart” agentligining 2011-yil 28-yanvardagi 05-268-sonli qarori bilan tasdiqlangan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida roʻyxatdan oʻtgan, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy faoliyat turlari Umumdavlat klassifikatoriga (2-versiya) muvofiq quyidagi faoliyat turlaridan birini amalga oshiradigan yuridik shaxslar Texnoparkning rezidentlari boʻlishlari mumkin:

• “Kompyuterda dasturlash ishlari, shu sohada maslahatlar berish va boshqa shunga tegishli xizmatlar”;

• “Maʼlumotlarni joylashtirish va ishlov berish xizmatlari, Web-portallar”;

• “Dasturiy taʼminot chiqarish”;

• Faqat IT-taʼlimi yoʻnalishi boʻyicha “boshqa toifalarga kiritilmagan boshqa taʼlim turlari”.

Qanday qilib Texnoparkning rezidenti boʻlish mumkin?

Texnoparkning rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtish uchun yuridik shaxs Direksiyaga tasdiqlangan shaklda arizani, unga rezident sifatida amalga oshirish uchun taklif qilingan biznes-rejani va taʼsis hujjatini ilova qilgan holda taqdim etishi shart.

Arizalarni koʻrib chiqishda biznes-reja muhim rol oʻynaydi. Biznes-reja Direksiyaning yuridik shaxs toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot olishi uchun kompaniya, koʻrsatilayotgan xizmatlar va amalga oshirilayotgan loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi hujjat boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, biznes-rejada hozirgi rivojlanishning joriy koʻrsatkichlari, faoliyatni tashkil qilinishi aks ettiriladi, ularga erishish maqsadlari, usullari va vositalari belgilanadi.

Direksiya biznes-rejani tasdiqlangan talablar asosida koʻrib chiqadi va bu talablarga muvofiq tarkib oʻz ichiga quyidagi boʻlimlarni qamrab olgan boʻlishi kerak boʻladi:

• Loyihaning pasporti;

• Loyihaning mohiyati;

• Marketing strategiyasi va sotish rejasi;

• Ishlab chiqarish rejasi;

• Tashkiliy reja;

• Moliyaviy reja;

• Ilovalar.

Biznes-rejada keltirilgan koʻrsatkichlar va maʼlumotlar asosli boʻlishi, tarkibiy tuzilgan va ular oʻzaro bogʻliq boʻlishi kerak.

Arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish bepul amalga oshiriladi.

Yuridik shaxslar hujjatlarni ixtiyoriy ravishda u uchun qulay boʻlgan usullardan biri bilan pochta orqali, elektron pochta orqali yoki IT-Parkning rasmiy veb-sayti orqali taqdim etishlari mumkin.

Ariza 15 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi. Qabul qilish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilinganda, 5 ish kuni ichida IT-Park direksiyasi va rezident oʻrtasida shartnoma tuziladi. Soʻngra, 3 ish kuni ichida IT-Park direksiyasi rezidentni rezidentlarning yagona reestriga kiritadi, guvohnoma beradi va yuridik shaxsni rezident sifatida roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida va u bilan bogʻliq imtiyozlar toʻgʻrisida Davlat soliq qoʻmitasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasiga va xizmat koʻrsatuvchi tijorat bankiga xabarnoma yuboradi.

Yuridik shaxsni Texnoparkning rezidenti sifatida roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, rad etish sabablari bartaraf etilganidan soʻng ariza qayta topshirilishi mumkin.

Texnoparkning rezidentlariga qanday talablar qoʻyiladi?

IT-Park Direksiyasi va rezident oʻrtasidagi munosabatlar ikkala tomonning huquqlari, majburiyatlari va oʻzaro munosabatlari boʻyicha boshqa shartlarni belgilovchi shartnoma tuzish asosida tartibga solinadi.

Texnoparkda rezident boʻlishning shartlaridan biri har oyda IT-Park Direksiyasining depozit hisob raqamiga sof tushumning bir foizi miqdorida ajratmalar oʻtkazish, har chorakda oʻzining faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot berish, shuningdek har yili moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining majburiy auditini oʻtkazish va auditorlik xulosasi nusxasini Direksiyaga taqdim etishdir.